Dissertatsiya ishini ixtisoslashgan kengashga qabul qilish

Dastlabki ko‘rib chiqish natijasida kengash dissertatsiyani qabul qilish yoki qabul qilmaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Dissertatsiyaning asosiy mazmuni kengashga dissertatsiya qabul qilish huquqini beruvchi fan sohasiga to‘g‘ri kelmasa, dissertatsiya natijalari haqida nashr ishlari to‘liq bo‘lmasa, tadqiqotchining ishi fan va amaliyot uchun ahamiyatsiz bo‘lsa kengash bunday dissertatsiyani himoyaga qabul qilmaydi. Bunda tadqiqotchiga kengash majlisi bayonnomasidan inkor sababi bayon etilgan ko‘chirma beriladi va uning barcha materiallari qaytariladi.

Kengash tomondan dissertatsiyaning himoyaga qabul qilinishi rasmiy opponentlar, yetakchi tashkilotning tayinlanishi, avtoreferatni jo‘natish qo‘shimcha ro‘yxatini belgilash bilan kuzatiladi. "OAK byulleteni”da dissertatsiya himoyasi to‘g‘risida e’lon berilgach avtoreferatni chop ettirishga ruxsat beriladi va himoya muddati belgilanadi.

Dissertatsiya bo‘yicha rasmiy opponentlar, yetakchi tashkilot, ishning bajarilish joyidan salbiy taqrizlar dissertatsiyani himoyaga qabul qilishda kengashga to‘sqinlik qila olmaydi.  

Dissertatsiya, avtoreferat, attestatsion ishni himoyaga qabul qilishda uchraydigan kamchiliklar quyidagilardan iborat:

  • ixtisoslashgan kengashlar, ish bajarilayotgan tashkilot rahbarlarining rasmiy opponent qilib tayinlanishi;
  • dissertatsiyaning kirish qismida tadqiqotchi himoyaga taqdim etilayotgan holatlar bayon etilmagan;
  • titul varaqda tadqiqotchi tomonidan imzo chekmagan;
  • dissertatsiyaning nomi uning mazmunini aks etmagan va mutaxassislikka mos kelmagan;
  • hamkorlikdagi ilmiy ishda hammuallifning familiyasi o‘zgartirilgan yoki ko‘rsatilmagan;
  • ish ko‘p sonli hammualliflar bilan yozilganda tadqiqotchining shaxsiy ulushi aniq ko‘rsatilmagan;
  • markaziy ilmiy nashriyotlarda chop etilgan maqolalar sonining kamligi yoki umuman yo‘qligi;
  • dissertatsiya va avtoreferatni tuzish qoidalarining buzilishi.