Магистратура

Magistraturada pedagogik faoliyatga jalb etiladigan o‘qituvchilarga qo‘yiladigan umumiy malaka talablari

Magistraturada pedagogik faoliyatga jalb etiladigan o‘qituvchi ta’lim jarayoni doirasida:

  • hamma turdagi o‘quv mashg‘ulotlarini yuqori darajada o‘tadi;
  • o‘quv, ilmiy va o‘quv-metodik ishlarni rejalashtiradi, tashkil etadi va nazorat qiladi;
  • ilmiy-tadqiqot ishlariga va magistratura talabalarining magistrlik dissertatsiyalarini tayyorlash jarayoniga rahbarlik qiladi;
  • kafedra ixtisosligi bo‘yicha ilmiy, ilmiy-tadqiqot seminarlarini tashkil etadi va ularda ishtirok etadi;
  • talabalar ilmiy seminarlarini boshqaradi;
  • kafedra pedagoglari tomonidan barcha turdagi o‘quv mashg‘ulotlari sifatli o‘tkazilishi ustidan nazorat qiladi;
  • magistraturaning tegishli mutaxassisligi bo‘yicha namunaviy va ishchi o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi;
  • kafedra ilmiy tadqiqotlari yo‘nalishlari doirasida tashkil etiladigan yig‘ilishlar va konferentsiyalarda, shu jumladan xalqaro konferentsiyalarda ishtirok etadi;
  • magistratura talabalarining mustaqil ishlarini tashkil etadi va rejalashtiradi;
  • magistratura talabalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni ishlab chiqish va nashrga tayyorlashda ishtirok etadi;
  • magistratura talabasining kalendar ish rejasi bajarilishini nazorat qiladi.

Magistraturada pedagogik faoliyatga jalb etiladigan o‘qituvchilarga quyidagi malaka talablari qo‘yiladi:

  • fanni yuqori darajada bilish hamda uning nazariy asoslarini va muhim yutuqlarga erishish mumkin bo‘lgan yo‘llarni ko‘ra bilish uquviga ega bo‘lish;
  • ilmiy muammolarni ishlab chiqa olish, tadqiqotlar o‘tkaza olish va ularning natijalari bo‘yicha chop etilgan ilmiy ishlarga ega bo‘lish;
  • magistratura talabalarining individual xususiyatlari, shaxsiy sifatlari va dissertatsiyalari maqsadlarini hisobga olgan holda pedagogik faoliyat yo‘nalishlarini belgilash qobiliyatiga ega bo‘lish;
  • magistratura talabalarining bilim va malakalarni egallab olishga imkoniyat beradigan innovatsion pedagogik texnologiyalarni qo‘llashga tayyor bo‘lish;
  • pedagogik holatlar tahlili asosida pedagogik vazifalarni shakllantirish va ularni hal etishning maqbul yechimlarini topish uquvi;
  • magistratura talabalarining kasbiy qobiliyatlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan innovatsion kurslar ishlab chiqish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lish;
  • ma’lumotlarni tizimlashtirish va izlash orqali o‘z bilimini takomillashtirish uchun doimiy o‘rganish, ma’lumotlarni elektron qayta ishlashda axborot-kommunikatsiya va multimediya texnologiyalaridan foydalanish mahoratiga ega bo‘lish.

Magistraturada pedagogik faoliyat yuritishga ilmiy unvon (ilmiy daraja)ga va kamida 3 yillik uzluksiz ilmiy-pedagogik (ilmiy) ish stajiga ega bo‘lgan, shuningdek xorijiy mamlakatlarning falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajali shaxslar jalb qilinadi.

Mavzuni tanlash va ilmiy rahbarni tayinlash

Magistrlik dissertatsiyasi o‘qish va o‘quv dasturlarini o‘zlashtirish jarayonida magistratura talabasi egallagan nazariy va amaliy bilimlari asosida bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining natijasi hisoblanadi.

Magistrlik dissertatsiyalarining mavzulari oliy ta’lim muassasalari kafedralarida kafedralarning professor-o‘qituvchilari tarkibi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari, tarmoq ilmiy-tadqiqot va loyihalash muassasalari xodimlari tomonidan shakllantiriladi.

Magistrlik dissertatsiyalarining mavzulari, qoidaga ko‘ra, dolzarb ilmiy-tadqiqot masalalariga yoki aniq amaliy vazifalarni hal etishga bag‘ishlanadi.

Magistrlik dissertatsiyasiga ilmiy rahbarlik oliy ta’lim muassasalarida ishlaydigan professorlar, fan doktorlari, dotsentlar, fan nomzodlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari olimlari, tashkilotlarning yuqori malakali va tajribali mutaxassislari, shuningdek belgilangan tartibda magistrlik, ilmiy darajalar yoki ilmiy unvonlarga ega bo‘lgan xorijiy mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.

Magistratura talabasi o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasida ishlamaydigan xodimlardan unga ilmiy rahbar tayinlangan taqdirda, talabaga qo‘shimcha ravishda tegishli kafedra professor-o‘qituvchilari tarkibidan ilmiy maslahatchi tayinlanadi.

Belgilangan talablarga muvofiq magistrlik dissertatsiyasini bajarish doirasida ilmiy rahbar bilan bir xil mas’uliyat ilmiy maslahatchiga ham yuklatiladi.

Magistratura talabasi o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasi xodimlari tarkibidan bo‘lgan ilmiy rahbar va ilmiy maslahatchining magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash bo‘yicha talabalar bilan ishlashi ularning oliy ta’lim muassasasida o‘quv yili shaxsiy ish rejasi bilan belgilanadigan o‘quv yuklamasiga kiritiladi.

Magistratura talabasi o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasida ishlamaydigan xodimlardan bo‘lgan ilmiy rahbar mehnatiga haq to‘lash belgilangan tartibda mehnatga soatbay haq to‘lash shartlari bo‘yicha bir o‘quv yiliga bir magistratura talabasi uchun 50 soatdan oshmagan hajmda, tegishli oliy ta’lim muassasasi xarajatlar smetasida bu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

Professor yoki fan doktori beshtagacha, shuningdek dotsent, fan nomzodi va mutaxassis uchtacha magistrlik dissertatsiyasiga rahbarlikni amalga oshirishi mumkin.

Kafedralar tomonidan taqdim etilgan va oliy ta’lim muassasasi yoki fakultet o‘quv-metodik kengashida muhokama qilingan magistratura talabalarining magistrlik dissertatsiyalari mavzulari va ularning ilmiy rahbarlari (ilmiy maslahatchilari) ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor (direktor o‘rinbosari) taqdimnomasiga asosan magistratura talabalari o‘qiyotgan birinchi o‘quv yilining birinchi ikki oyi ichida tegishli oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Ilmiy rahbarning majburiyatlariga quyidagilar kiradi:

  • tadqiqot mavzusi doirasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar bo‘yicha tizimli ravishda yordam berish maqsadida maslahatlar jadvalini tuzish;
  • tadqiqot usullarini tanlashda ishtirok etish va ularni tadqiqot ishida qo‘llashda magistratura talabasiga ko‘maklashish;
  • magistratura talabasining belgilangan kalendar ish rejasi bo‘yicha ishlarning bajarilishini va magistrlik dissertatsiyasi o‘z vaqtida tayyorlanishini nazorat qilish;
  • dastlabki himoyagacha magistrlik dissertatsiyasiga xulosa berish.

Magistrlik dissertatsiyasining tuzilishi va uning mazmuniga qo‘yiladigan talablar

Magistrlik dissertatsiyasi quyidagi tarkibiy qismlardan iborat bo‘lishi kerak:

  • titul varaq;
  • ikki tilda (o‘qitish tili va ingliz tilida) magistrlik dissertatsiyasining qisqacha annotatsiyasi;
  • mundarija;
  • kirish;
  • asosiy qism;
  • xulosa;
  • adabiyotlar ro‘yxati;
  • ilovalar (mavjud bo‘lsa).

Kirish quyidagilarni qisqacha o‘z ichiga olishi lozim:

  • magistrlik dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi;
  • tadqiqot ob’ekti va predmeti;
  • tadqiqot maqsadi va vazifalari;
  • ilmiy yangiligi;
  • tadqiqotning asosiy masalalari va farazlari;
  • tadqiqot mavzusi bo‘yicha adabiyotlar sharhi (tahlili);
  • tadqiqotda qo‘llanilgan metodikaning tavsifi;
  • tadqiqot natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati;
  • ish tuzilmasining tavsifi.

Magistrlik dissertatsiyasining asosiy qismi kamida uch bobdan iborat bo‘lib, boblar hajm jihatidan o‘zaro mutanosib bo‘lishi va quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:

  • tadqiqot mavzusiga taalluqli boshqa manbalarda keltirilgan nazariy, amaliy va empirik tadqiqotlar natijalarining tanqidiy tahlili;
  • tadqiqot metodikasi va ishning amaliy qismi bayoni;
  • tadqiqot olib borilgan masalani hal etishda magistratura talabasining shaxsiy hissasi ko‘rsatilgan holda tadqiqotning asosiy natijalari bayoni.

Magistrlik dissertatsiyasining xulosa qismida barcha boblarda qayd etilgan natijalarning ilmiy va amaliy ahamiyati, shuningdek ilmiy tadqiqot muammosini hal etish bo‘yicha xulosalar yoritiladi. Xulosa qismi 4 sahifadan oshmasligi kerak.

Magistrlik dissertatsiyasiga uning mazmunini bayon etish uchun bevosita zarur bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan materiallar ilova qilinishi mumkin. Ilova qismining hajmi magistrlik dissertatsiyasi umumiy hajmining uchdan bir qismidan oshmasligi lozim.

Magistrlik dissertatsiyasi ustida ishlayotgan magistratura talabasi kasb odob-axloqi qoidalariga rioya etishi (plagiat, ma’lumotlarni soxtalashtirish, shuningdek yolg‘on tsitatalar keltirishga yo‘l qo‘ymaslik) lozim.

Dissertatsiya matni standart varaqda yozilgan bo‘lib, unda quyidagi qoidalarga rioya etilgan bo‘lishi lozim:

  • qatorlar oralig‘i — 1,5 sm;
  • yuqori va pastki hoshiya 2 sm, satr boshi: chap tomondan 3 sm, o‘ng tomondan 2 sm;
  • xatboshilar orasidagi oraliq — 5 yoki 6 belgili.
  • Magistrlik dissertatsiyasi matnini Misrosoft Word matnli redaktorida Times New Roman shriftida yozish tavsiya etiladi.

Magistrlik dissertatsiyasining hajmi titul varaq, mundarija, adabiyotlar ro‘yxati va ilovalardan tashqari 70 — 80 sahifa bo‘lishi tavsiya etiladi.

Magistrlik dissertatsiyasi magistratura talabasi o‘qigan tilda (kafedra yoki magistratura bo‘limi tavsiyasiga muvofiq chet tilda) tayyorlanadi. Chet tilda tayyorlangan magistrlik dissertatsiyasiga davlat tilida yozilgan annotatsiya ilova etiladi. Bunday magistrlik dissertatsiyalarining dastlabki va rasmiy himoyalari tarjima bilan o‘tkaziladi.

Magistratura mutaxassisligi xususiyati hisobga olingan holda magistrlik dissertatsiyasi tarkibiy qismlarining mazmuni va hajmi fakultet O‘quv-metodik kengashining qarori bilan o‘zgartirilishi va ko‘paytirilishi mumkin.

Dastlabki va rasmiy himoyani o‘tkazish tartibi

Magistrlik dissertatsiyasining dastlabki himoyasi ilmiy rahbar (ilmiy maslahatchi) ishtirokida kafedra tomonidan tuzilgan komissiyada tashkil etiladi.

Dastlabki himoyaga boshqa kafedralardan, shuningdek boshqa tashkilotlardan mutaxassislar taklif etilishi mumkin.

Ilmiy maslahatchi tayinlangan holda dastlabki himoyaga qadar undan magistrlik dissertatsiyasiga xulosa olish ham talab etiladi.

Dastlabki himoyaga qadar magistratura talabasi ichki va tashqi hamda ilmiy rahbar taqrizlariga, shuningdek dissertatsiya mavzusiga doir kamida 2 ta ilmiy maqola yoki tezisga ega bo‘lishi kerak.

Dastlabki himoya yakunlari kafedralar yig‘ilishi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.

Ichki va tashqi taqrizchilarni oliy ta’lim muassasasining tegishli kafedrasi tavsiya etadi va ularning ro‘yxati ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor (direktor o‘rinbosari) tomonidan tasdiqlanadi.

Taqrizchi vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • magistrlik dissertatsiyasining dolzarbligi, ilmiy yangiligi va tugallanganligi to‘g‘risida xulosa taqdim etish;
  • dastlabki himoyadan kamida 3 kun oldin taqriz taqdim etish;
  • kasb odob-axloqi qoidalarining buzilishi holatlari (plagiat, ma’lumotlarni soxtalashtirish, yolg‘on tsitata keltirish va boshqalar) aniqlangan taqdirda, ularni taqrizda ko‘rsatish.

Magistrlik dissertatsiyasi belgilangan talablarga mos kelmagan holatlarda, magistratura talabasi tomonidan kasb odob-axloqi qoidalari (plagiat, ma’lumotlarni soxtalashtirish, yolg‘on tsitata keltirish va boshqalar) buzilganligi aniqlangan taqdirda, shuningdek ushbu holatlarni qisqa muddatda tuzatish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda taqrizchi magistrlik dissertatsiyasini himoyaga qo‘yish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa beradi.

Magistrlik dissertatsiyasini rasmiy himoya qilish kuni oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan tasdiqlangan jadval asosida belgilanadi.

Magistrlik dissertatsiyasining rasmiy himoyasi oliy ta’lim muassasasining Davlat yakuniy attestatsiya komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) tomonidan o‘tkaziladi.

Magistratura talabasi magistrlik dissertatsiyasining rasmiy himoyasi taqdimot materiallari bilan bayon etilishi va 20 daqiqadan oshmasligi lozim.

Rasmiy himoyada Komissiya a’zolari magistratura talabasini quyidagi mezonlar asosida baholaydi:

  • magistrlik dissertatsiyasi tadqiqot mavzusining dolzarbligini va uning amaliyot bilan bog‘liqligini ko‘rsatib bera olishi;
  • magistratura talabasining tadqiqotga va vazifalarni hal etishga mustaqil yondashuvi;
  • foydalanilgan ilmiy adabiyotlar, ilmiy nashrlar, normativ-huquqiy hujjatlar, statistik ma’lumotlar, shuningdek xorijiy tillardagi adabiyotlar tanqidiy tahlilining to‘liqligi va chuqurligi;
  • tadqiqot usullari amaliyotda qo‘llanilganligining asoslanganligi;
  • olingan natijalar asosida ishlab chiqilgan tavsiyalarning amaliy ahamiyati;
  • magistratura talabasining magistrlik dissertatsiyasi doirasida o‘tkazilgan tadqiqotlar va olingan natijalarni rivojlantirish istiqbollarini ko‘ra bilish qobiliyati;
  • magistrlik dissertatsiyasining nazariy va amaliy qismlaridagi o‘zaro mantiqiy bog‘liqlikni kuzata bilish malakasi.

«Qoniqarsiz» baho qo‘yilganda yoki magistrlik dissertatsiyasi rasmiy himoyaga qo‘yilmagan taqdirda magistratura talabasi keyingi 3 yil davomida uni qayta himoya qilish huquqiga ega.

Magistrlik dissertatsiyalari rasmiy himoyasi natijalari oliy ta’lim muassasasi Ilmiy kengashida muhokama etiladi.

Himoya qilingan magistrlik dissertatsiyalari oliy ta’lim muassasasida 3 yil davomida saqlanadi.